― 22 апреля 2025 г.
Yakup Ömero‘g‘li xotirasiga bag‘ishlangan X Xalqaro Yosh Turkologlar seminari Manas universitetida boshlandi
Qirg‘iziston-Turkiya Manas universiteti Filologiya fakultetining Turkologiya bo‘limi tomonidan, Yevrosiyo Yozuvchilar uyushmasi sobiq raisi, marhum doktor Yakup Ömero‘g‘li xotirasiga bag‘ishlab tashkil etilgan X Xalqaro Yosh Turkologlar seminari 2025-yil 21-aprel kuni Kasim Tınıstanov nomidagi konferensiya zalida bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi. TÜRKSOY hamkorligida o‘ninchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur anjuman turkologiya yo‘nalishida ilmiy izlanish olib borayotgan yosh tadqiqotchilar uchun o‘z ishlanmalarini taqdim etish, tajriba almashish va fanlararo hamkorlikni rivojlantirish imkonini yaratmoqda.
Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti (TÜRKSOY) Bosh kotibi Sultan Raev ochilish marosimida so‘zga chiqib, turkologiyani nafaqat akademik yo‘nalish, balki umumiy madaniy xotirani saqlovchi va uni kelajak avlodlarga yetkazuvchi muhim ilmiy sohaga aylanganini ta’kidladi.
“Turk dunyosining turli mintaqalaridan tashrif buyurgan yosh olimlarning bunday ilmiy platformalarda bir arada bo‘lishi — umumiy kimligimizni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi”, — dedi Sultan Raev.
U, shuningdek, yaqinda vafot etgan Yevrosiyo Yozuvchilar uyushmasi raisi, nufuzli madaniyat namoyandasi Yakup Ömero‘g‘lini hurmat va minnatdorchilik bilan yodga oldi.
“Yakup Ömero‘g‘li Yevrosiyo adabiy-madaniy makonining ko‘ngil elchisi, fidoyi noshir va aslida chin ma’nodagi madaniyat ixlosmandi edi. Uning tashabbusi bilan yuzlab asarlar Turk dunyosining turli tillaridan turk tiliga tarjima qilindi. Bu esa xalqlarimiz o‘rtasida madaniy ko‘priklar barpo bo‘lishiga xizmat qildi”, — deya qayd etdi Raev.
Seminar doirasida turk tili, tarixi, adabiyoti va madaniyatiga oid turli mavzularda ilmiy ma’ruzalar taqdim etilishi kutilmoqda. Yosh akademiklarning faol ishtiroki bilan o‘tayotgan mazkur tadbir Turk dunyosining madaniy aloqalarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.