― 4 марта 2025 г.
TÜRKSOY Muzeylar Ittifoqi Tajriba Dasturi: Tarix va Madaniyatning Qayta Jonlanishi
Istanbulda Muzeychilik Bo‘yicha Ilmiy Seminar va Amaliy Mashg‘ulotlar O‘tkazildi
Turk dunyosining madaniy boyligini saqlash va muzeychilik sohasida tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan TÜRKSOY Muzeylar Ittifoqi Tajriba Dasturi o‘z faoliyatini Istanbuldan boshladi.
Dastur doirasidagi ilk tadbir 2025-yil 24-26 fevral kunlari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar Istanbul Restavratsiya va Konservatsiya Markazi va Hududiy Laboratoriyasi, Istanbul Arxeologiya Muzeyi hamda Turk va Islom San’ati Muzeyida ilmiy seminarlar va amaliy mashg‘ulotlarga qatnashdilar.
Madaniy merosni asrab-avaylash va saqlash texnologiyalarini o‘rganish bo‘yicha yetuk mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar o‘tkazildi. Muzey boshqaruvi, kolleksiya saqlash usullari, restavratsiya jarayonlari va muzeychilikda raqamlashtirish kabi zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha muhim bilimlar taqdim etildi.
Istanbuldagi dastur davomida madaniy merosning saqlanishiga katta hissa qo‘shgan Istanbul Arxeologiya Muzeyi direktori Rahmi Asal, Turk va Islom San’ati Muzeyi direktori Ekrem Aytar hamda Istanbul Restavratsiya va Konservatsiya Markazi va Hududiy Laboratoriya direktori Eftal Kirazga TÜRKSOY Bosh kotibi Sultan Raev nomidan TÜRKSOYning Turk tilli jamiyatlar bilan aloqalar bo‘limi rahbari Dr. Barış Cavid Mövsümlü tomonidan minnatdorlik izhor etilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Madaniy muhit bilan yanada yaqindan tanishish maqsadida ishtirokchilar Topqapi Saroyi Muzeyi, Dolmabahche Saroyi Muzeyi va Ayasofyo masjidiga tashrif buyurib, Usmoniylar va Turk-Islom san’ati merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Anqarada Muzey Sayohatlari va Ilmiy Tadqiqotlar
Tajriba dasturining ikkinchi bosqichi 2025-yil 27-28 fevral kunlari Anqara shahrida o‘tkazildi. Bu bosqichda ishtirokchilar Turkiyaning asosiy tarixiy va madaniy muzeylarini ziyorat qilish orqali muzeychilik sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkoniga ega bo‘ldilar.
Muzey sayohatlari davomida Anıtkabir, 15-iyul Demokratiya Muzeyi, Anqara Etnografiya Muzeyi, Anqara Rassomlik va Haykaltaroshlik Muzeyi, Eski TBMM Muzeyi hamda Anqara Shaxmat Muzeyiga tashriflar uyushtirildi.
Bu sayohatlar davomida ishtirokchilar muzey eksponatlarining saqlash sharoitlari, ularni taqdim etish uslublari, ilmiy tadqiqot jarayonlari va muzeylar faoliyatini boshqarish tizimi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Muzeychilik Bo‘yicha Yangi Sahifa: Dastur Yakunlari va Sertifikatlar Topsherish Marosimi
Dastur yakunida TÜRKSOY Bosh kotibiyati binosida tantanali marosim o‘tkazildi. Ushbu marosimda ishtirokchilarga TÜRKSOY Bosh kotibi Sultan Raev tomonidan qatnashganlik to‘g‘risidagi hujjatlar, Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm Vazirligi Madaniy meros va muzeylar bosh boshqarmasi Qazishmalar va tadqiqotlar bo‘limi rahbari Dr. Umut Görgülü tomonidan esa sertifikatlar topshirildi.
Ishtirokchilar bu dasturni madaniy merosni asrab-avaylash va muzeylar o‘rtasida tajriba almashishni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadilar.
Turk dunyosi madaniy merosining yangi davri
Ushbu dastur Turk dunyosi muzeylari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, madaniy merosni asrash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashish va kelajak avlodlar uchun boy ilmiy merosni saqlab qolish yo‘lidagi muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.
Muzeylar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va umumiy tarixiy boylikni o‘rganishga qaratilgan bu kabi dasturlar TÜRKSOY tomonidan kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilmoqda.
Tarix – bu bizning umumiy xotiramiz, madaniy meros esa kelajak avlodlarga yetkazishimiz lozim bo‘lgan boylikdir. TÜRKSOY bu qadriyatlarni saqlash va mustahkamlash yo‘lida o‘z faoliyatini izchil davom ettirishga sodiqdir.