― 13 апреля 2025 г.
TÜRKSOY Bosh kotibi Sulton Raev Antaliya Diplomatiya Forumida ishtirok etdi
TÜRKSOY Bosh kotibi Sulton Raev joriy yilda to‘rtinchi bor tashkil etilgan Antaliya Diplomatiya Forumida (ADF) ishtirok etdi. 155 mamlakatdan 6 mingdan ortiq ishtirokchini bir joyga jamlagan va xalqaro diplomatik doiralar katta e’tibor bilan kuzatgan ushbu forum doirasida Bosh kotib Raev bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, Turk dunyosidagi madaniy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Forum Antaliyaning Belek turizm hududida joylashgan NEST Kongress markazida bo‘lib o‘tdi. ADF 2025 doirasida uch kun davomida 50 dan ortiq sessiyada Yaqin Sharqdan Osiyo-Tinch okeani mintaqasigacha, Afrikadan Lotin Amerikasigacha bo‘lgan turli geografiyalarni qamrab olgan masalalar — iqlim o‘zgarishi, terrorizmga qarshi kurash, insonparvarlik yordami, raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi va sun’iy intellekt kabi global dolzarb mavzular muhokama qilindi.
TÜRKSOY Bosh kotibi Sulton Raev forum doirasida “Zamonaviy dunyoda madaniyatning roli: birlashtiruvchi yoki ajratuvchi kuchmi?” mavzusidagi panel sessiyasida ma’ruzachi sifatida qatnashdi. O‘z nutqida Raev madaniyat jamiyatlarni ajratish emas, balki umumiy qadriyatlar va tarixiy meros asosida birlashtiruvchi vosita bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. U TÜRKSOY aynan ana shu tamoyil asosida olib borayotgan faoliyati nafaqat Turk dunyosida, balki xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, Raev madaniy diplomatiya bugungi murakkab global muammolar sharoitida tinchlik va muloqotni yo‘lga qo‘yishda eng samarali vositalardan biri bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.