― 6 февраля 2025 г.
Bosh kotib Sultan Raev professor Zaynab Korkmazning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi
Turk tilining fidoyisi, turkologiya olamining hurmatli vakili, professor Zaynab Korkmazning vafoti haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. U turk tilining tarixi, rivojlanishi va boyligini ochib beruvchi ilmiy tadqiqotlari bilan turkologiya faniga ulkan hissa qo‘shgan, ko‘plab akademik kadrlarni tayyorlab, turk madaniyati va ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos xizmat qilgan olima edi.
Professor Zaynab Korkmaz turk tilining eng yirik tadqiqotchilaridan biri sifatida turk tilining ildizlari va taraqqiyot jarayonini chuqur o‘rganib, Turk dunyosining umumiy madaniy merosiga bebaho hissa qo‘shdi. Uning ilmiy merosi turk tilining kelajak avlodlarga yetkazilishida muhim yo‘nalish bo‘lib qoladi.
Ushbu og‘ir kunda marhumaning oila a’zolari, yaqinlari, butun turkologiya ilmi ahli va uning barcha muxlislariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Professor Zaynab Korkmaz nomi va asarlari turk tili hamda madaniyatining rivojlanishida doimo yodga olinadi. Uning ruhi shod, joyi jannatda bo‘lsin.
Sulton Raev
TÜRKSOY Bosh kotibi